YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

28.11.2018, 22:15 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2065

 

ЮНЕСКО ишлари бўйича Ўзбекистон Республикаси миллий комиссияси тўғрисидаги низом тасдиқланди

Nizom bilan Komissiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Hukumat qarori bilan YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.

Nizomga muvofiq, quyidagilar Komissiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • ta’lim;
  • ilm-fan;
  • madaniyat;
  • ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiyalar.

YUNESKO va Ta’lim, ilm-fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkilotining (AYSESKO) faoliyatida O‘zbekistonning xalqaro obro‘si va rolini mustahkamlash, YUNESKO va AYSESKO dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vazirliklar hamda idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Nizomga muvofiq, umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tegishli hududlarda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari Komissiya bilan kelishiladi.

Komissiya tarkibiga Komissiya raisi, uning o‘rinbosarlari, Bosh kotib va Komissiya a’zolari kiradi.

Komissiyaning navbatdagi umumiy majlislari har yili kamida bir marta, navbatdan tashqari majlislar esa zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan chaqiriladi. Komissiya qarorlari ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va qarorlarning mazmuni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Komissiyaning Bosh kotibi vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi va Prezident bilan kelishilgan holda Hukumat tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

YUNESKO va AYSESKO tadbirlarida ishtirok etish uchun vakillarni tanlash bo‘yicha takliflar tayyorlash Komissiya kotibiyatining asosiy funksiyalaridan biri hisoblanadi.

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova