Konstitutsiya – oila totuvligining mezoni.

27.11.2018, 18:33 Institut yangiliklari, Yangiliklar 3405

Oddiy hayotiy haqiqat shuki, jamiyat taraqqiyotida, ma’nan barkamol va jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalashda oilaning o‘rni beqiyos.

8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Mamlakatimizda oila mustahkamligini ta’minlash, nikoh muqaddasligini yosh avlod ongiga singdirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Oddiy hayotiy haqiqat shuki, jamiyat taraqqiyotida, ma’nan barkamol va jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalashda oilaning o‘rni beqiyos.

Oila tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi. Bosh qomusimizning 63-moddasida bu o‘z ifodasini topgan. Unda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi, jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga egaligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqlilikka asoslanishi belgilangan.

Oilalardagi barqarorlikni muhofaza qilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining ham o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Shu bois, Konstitutsiyamizda belgilangan oila huquqini muhofaza qilish borasida markaz tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdik.

– Bugungi kunda mamlakatimizda 8 milliondan ortiq oila bor. Ularning 2 milliondan ortig‘i yosh oila hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Dilbar Alimjonova. – Binobarin, jamiyatdagi har qanday qusur va kamchiliklarning tub ildizi aksar hollarda oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitdan kelib chiqadi. Shunday ekan, barqaror va farovon mamlakat negizini, avvalo, mustahkam oilalar tashkil etadi.

Konstitutsiyamizning alohida bir bobi oilaga bag‘ishlanib, uning ijtimoiy maqomi aniq-ravshan belgilab qo‘yilgani esa dunyo davlatlarining bosh qonunlarida uchraydigan kamyob voqelikdir. Shu bilan birga, oilaning davlat tomonidan himoya qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Oila, Fuqarolik, Uy-joy, Mehnat kodekslarida, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida”gi qator qonunlar bilan tartibga solinadi. Bu boradagi huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish, mavjud qonunchilikni bugungi shiddatkor zamon talablariga uyg‘unlashtirish oila institutini mustahkamlash borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

– Oila huquqi buzilganda birinchi navbatda mahallaga, xotin-qizlar qo‘mitasiga yoki fuqarolik sudiga murojaat qilinadi. Bu borada “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qanday vazifalarni bajarmoqda?

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2-fevraldagi ”Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va hududiy boshqarmalari, tuman, shahar bo‘limlari tashkil etildi. Bu oilalar huquqlari buzilganda markazimizga murojaat qilish imkoniyatini yaratdi.

Bugunga qadar “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hududiy boshqarmalari, tuman va shahar bo‘limlari tomonidan 21 ming 200 dan ziyod jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati qabul qilinib, ular muammolariga ijobiy yechim topildi. Jumladan, tashkilotimiz tomonidan oilaviy muammolar, ish bilan ta’minlash, moddiy yordam, huquqiy maslahat va tibbiy yordam ko‘rsatish yuzasidan qilingan murojaatlar bo‘yicha fuqarolarga tegishli ko‘mak berildi.

– Mamlakatimizda oila mustahkamligiga erishish, erta nikohning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda? Bu yo‘lda qaysi tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatilgan?

– Oila mustahkamligiga erishish, erta nikohning oldini olish borasida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakilliklari, tibbiyot birlashmalari hamda ta’lim muassasalari tomonidan hamkorlik tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, respublikamizda barcha oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida xotin-qizlar uchun ayollar maslahatxonalari tashkil etildi.

Yoshlarimizni hayotga tayyorlash maqsadida joriy yil iyun oyida tajriba tariqasida Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi FHDYO organiga nikohdan o‘tishga ariza bergan bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etildi. Bir oy mobaynida o‘tiladigan o‘quv kursida shu kunga qadar 90 nafar yoshlarning bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Kelgusida bu kabi o‘quv kurslar faoliyatini respublikamizning barcha tumanlarida yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yaqinda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va Yoshlar ittifoqi hamkorligida Toshkent shahrining Shayxontohur tumani FHDYO idorasi binosida “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” ochildi. Prezidentimiz g‘oyasi asosida tashkil etilgan ushbu innovatsion maktabda oila qurish arafasida turgan yoshlarga oilaviy munosabatlarning huquqiy-ijtimoiy, psixologik, ma’naviy-axloqiy asoslari, oilada erkak va ayolning vazifalari, oila iqtisodiyoti hamda budjetini yuritish, reproduktiv salomatlik borasida zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida bilim va ko‘nikmalar berilmoqda.

– Joriy yilda oilalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha qanday yangiliklar bo‘ldi?

– Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash borasida mutlaqo yangicha tizim ishlab chiqildi, keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz shu yil 27-iyun kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining maqsad va vazifalariga ko‘ra, mamlakatimizda oilalar mustahkamligi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan.

Mazkur konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, unda oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, qiyin hayotiy sharoitga ega oilalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida olish maqsadida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining yagona idoralararo axborot bazasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, oilaviy biznesni, oilalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish, Oila kodeksining oiladagi huquqiy munosabatlar mezonlarini aniqlash, alimentlarni belgilash, ajrashish vaqtida ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid normalarini yanada takomillashtirish, ko‘p bolali va muhtoj oilalarga imtiyozli kreditlar berish va yer maydonlarini taqdim etish ham nazardan chetda qolmagan.

Konsepsiyada nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish tizimini takomillashtirish, erta turmush qurish va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning, tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish masalasiga ham ahamiyat berilgan.

Hujjatda ijtimoiy himoyaga ham e’tibor qaratilgan bo‘lib, voyaga yetmagan yoki nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan yolg‘iz va ko‘p bolali ota-onalarga yer uchastkalaridan samarali foydalanishida ko‘maklashish, ota-onalar uchun nogironligi bo‘lgan farzandlarni to‘g‘ri parvarishlash va tarbiyalash bo‘yicha metodik hamda amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqish, patronaj va ijtimoiy xizmatlar yordamida ularning ko‘nikmalarini oshirish va boshqalar nazarda tutilgan.

Shuningdek, oilalarda ichki oilaviy va shaxsiy munosabatlarni, xususan, ota-ona va farzandlar, er va xotin, qaynona va kelin o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, oilada mojaroli va og‘ir turmush sharoitlarini amaliy hal qilish mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

2019-yildan boshlab har yili 15-mayda O‘zbekistonda Xalqaro oila kunini nishonlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashish maqsadida “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Bu sa’y-harakatlar mamlakatimizda tinch-totuv, to‘kis va ziyoli oilalar yanada ko‘payishiga, farzandlarimiz sog‘lom va barkamol bo‘lib o‘sishida ko‘plab qulayliklar yaratishiga ishonamiz.

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova.