Markaziy Osiyo forumida O‘zbekistondagi kichik transchegaraviy daryolar gapirildi.

27.11.2018, 18:32 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2363

Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda USAID hamkorlikda Smart Waters (“Suv. Ta’lim. Hamkorlik”) mavzusidagi xalqaro forum davom etmoqda.

Rustam Jabborov,

O‘zA uchun maxsus Bishkek shahridan

Qirg‘iziston

Forumda O‘zbekiston hududidan oqib o‘tuvchi kichik transchegaraviy daryolar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha respublikalari bilan chegaradosh bo‘lgan yagona mamlakat. Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon singari yirik daryolar qatori bir qator kichik suv inshootlari ham yurtimiz hududidan oqib o‘tadi. Ayni paytda mamlakatimizdagi mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan mazkur inshootlardan milliy va xalqaro me’yoriy hujjatlar doirasida foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Forumda so‘zga chiqqan Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari Saydulla Mehmonov mamlakatimiz hududidan oqib o‘tuvchi Podsho-ota daryosi suvidan oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapirib berdi.

Ta’kidlash joizki, 130 kilometr uzunlikdagi bu daryo Qirg‘iziston hududidan boshlanadi. Namangan viloyatining Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hududidan oqib o‘tadi va mamlakatimizga tegishli bo‘lgan 24 ming gektar ekin maydonini suv bilan ta’minlaydi.

– Joriy yilning iyul oyida daryoning O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi qismidan unumli foydalanish maqsadida Kichik havza kengashi tashkil etildi, – deydi anjuman ishtirokchisi, mazkur kengash kotibi Nurmamat Xudoyberdiev. – Ayni paytda qirg‘izistonlik qo‘shnilar bilan tez-tez uchrashib, umumiy boyligimiz bo‘lgan ushbu daryo suvidan o‘zaro kelishuv asosida, tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha fikr almashib turamiz.

Forum ishtirokchilariga Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi Yomonjar kanali haqida ham ma’lumot berildi. Amudaryodan suv oladigan ushbu kanal 1973-yilda qazilgan, uning dastlabki 6,2 kilometri Turkmanistondan, 26,3 kilometri O‘zbekiston hududidan oqib o‘tadi.

– Biz ushbu suv inshootidan foydalanishda turkman qo‘shnilarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilamiz, – deydi Amu-Buxoro kanali irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari To‘lqin Davronov. – Ayni paytga qadar bu suv inshootidan foydalanishda biror kelishmovchilik yuzaga kelmagan. Bugungi kunda mavjud ekologik vaziyat, iqlim o‘zgarishlar suv resurslaridan o‘ta ehtiyotkorlik bilan foydalanishni talab etmoqda. Shu bois kanal havzasida zamonaviy suv qurilmalarini o‘rnatish, suvning har bir kubometrini nazorat qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘ryapmiz.

Forum doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada mazkur suv inshootlarimiz haqidagi ma’lumotlar aks etgan stendlar, videolavhalar, fotosuratlar namoyish qilindi.​​

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova.