2018 yil noyabr oyidan 2020 yilning aprel oyigacha talabalar muzeylarga jalb etiladi.

24.11.2018, 15:23 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2052

Maxsus reja-dasturga ko‘ra joriy yilning noyabr oyidan 2020 yilning aprel oyigacha bo‘lgan davrda talabalarni muzeylarga jalb etish ishlari amalga oshiriladi.
Qadimiy an’analarimiz, azaliy odatlarimizni tiklash va yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etishda muzeylarning o‘rni beqiyos.
Shu bois, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan talabalarni muzeylarga jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari talabalarining mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning tariximizga oid bilimlarini yanada oshirish maqsadida haftaning har juma kuni muzeylar aksiyasi yo‘lga qo‘yildi. Ijtimoiy aksiyaga ko‘ra maxsus reja-dastur tasdiqlangan bo‘lib, joriy yilning noyabr oyidan 2020 yilning aprel oyigacha bo‘lgan davrda talabalarni muzeylarga jalb etish ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu aksiya doirasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bugun talaba-yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.
– Bu yerda muzey eksponatlarini tomosha qildik, mamlakatimiz tarixi haqida qiziqarli ma’ruzalarni tingladik, zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan intellektual mashg‘ulotlarda ishtirok etdik, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Zuhra Po‘latova. – Shuningdek, ko‘rganlarimiz hulosalari asosida ijodiy ishlar yozishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, bunday tashkiliy ishlar bizning nafaqat madaniy xordiq olishimizga, balki nazariy va amaliy bilimlarimizni chuqur egallashda ham qulay fursat bo‘ladi, deb ishonaman.

Gulnoza Boboeva, O‘zA

Institut matbuot kotibi       N.L.Usmanova