USTOZLIK MARTABASI – BUYUKLIK MAQOMI

15.11.2018, 17:31 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2454

Institut dotsenti A.A.Abzalov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlanadi

Dunyoda har qaysi kasb-hunarning o‘ziga xos o‘rni, ahamiyati va qadr-qimmati bor. Ammo ular orasida eng ulug‘ va sharaflisi, bu – o‘qituvchilik kasbidir. Chunki muallim har birimizga saboq beradi, aql-idrokimizni yuksaltiradi, hayot ilmini o‘rgatadi. Zahmatkash ustoz-murabbiylarning mehnati va tarbiyasi tufayli qalblarimiz poklanadi, dilimizda oliyjanob insoniy fazilatlar kamol topadi. Ustozni ulug‘ deb bilgan ma’rifatparvar xalqimiz muallim va murabbiy zotini hamisha ardoqlab, ularning mehnatini qadrlab keladi.

Bu kabi insonlar kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga mas’uldirlar. Shuningdek, yoshlarning kamoloti, barkamol inson bo‘lib voyaga yetishlarida ularning mehnatlari tahsinga loyiqdir. Xalqimiz o‘rtasida “Ustoz otangdek ulug‘”, – deya ta’rif beriladi. Haqiqatda ustozlarimiz ota-onalarimizdek aziz va jonkuyar, mehribon va sevimlidirlar. Biror kasb egasi yo‘q-ki, ularning tarbiyasida bo‘lmagan, mehr bulog‘idan suv ichmagan. Dono xalqimiz bejizga “Ustoz ko‘rmagan, har maqomga yo‘rg‘alar”,- deya ta’kidlaydi. Shu bois, barcha kasb egalari borki, ustozlar ta’lim-tarbiyasini olgan va ulkan cho‘qqilarni zabt etishgan.

Mana shunday jonkuyar, fidoiy, o‘z sohasining beshqadamlaridan biri Toshkent farmasevtika instituti dotsenti Abzalov Akmal Abzalovichdir.

Ustoz sal kam 55 yil mazkur dargohda talaba-yoshlarga saboq berib kelmoqda. Abzalov Akmal Abzalovich 1965-1994 yillarda Toshkent davlat agrar universitetida (ToshDAU) dastlab assistent (1965-1978 yillar) so‘ngra esa dotsent lavozimlarida (1979-1994 yillar) fidokorona mehnat qilgan. Uzoq yillar davomida rahbarlik lavozimlarida ishlab kelib, Agrokimyo va tuproqshunoslik fakulteti dekani muovini, Agrokimyo va o‘simliklarni himoya qilish fakultetining dekani lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Toshkent farmasevtika institutida 1994-yildan o‘z faoliyatini boshlab Agrobiotexnologiya fakultetini tashkil qilishda faol ishtirok etib uning birinchi dekani, 1996-2004 yillarda esa dorivor o‘simliklar biologiyasi kafedrasi mudir va dotsenti lavozimlarida xizmat qildi. Hozirgi kunda Tibbiy va biologik fanlar kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Ilmiy izlanishlar natijasida ustoz A.A.Abzalov tomonidan 570 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan bo‘lib, ularning 60 dan ortig‘ini chet el mamlakatlarining nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan.

Shuningdek, ustoz A.A.Abzalovning ilmiy faoliyati xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanib Xalqaro tabiatshunoslik akademiyasining “Fahriy fan doktori”, Rossiya tabiatshunoslik akademiyasining professori, “Xizmat ko‘rsatgan fan va maorif xodimi” hamda “Fan va texnika arbobi” fahrli unvonlarini olishga sazovor bo‘lgan.

     

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan tanlovda “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi bo‘yicha faol ishtiroki tufayli fahriy yorliq bilan takdirlandi.

Rossiya Tabiatshunoslik Akademiyasi Prezidiumi tomonidan dorivor o‘simliklar yetishtirish borasidagi tadqiqotlarining zamonaviyligini e’tiborga olib, 2018-yilning noyabrida “Yangi ilmiy yo‘nalish asoschisi” fahriy unvoni hamda 1990-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi” nomli fahriy unvonlari bilan taqdirlangan.

Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom, cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab, ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi.

Mana shunday ustozlarimiz bor ekan ertangi kun vorislari taqdirlaridan ko‘ngil to‘q bo‘ladi nazarimda. Zero ustozlarimiz har doim bizni yuqori marralarni zabt etishimizni, el koriga yarab, bilim va tajribalarimizni hayotga tadbiq etishimizni chin dillaridan istashadi. Shu barobarida bu kabi niyatlarga doimo munosib vorislar bo‘lishimiz kerakligini yoddan chiqarmasligimiz kerak.

     

Bu yil ustoz A.A.Abzalov o‘zining 80 yilligini nishonlayapti. Shu fursatdan foydalanib, Toshkent farmasevtika instituti rahbariyati ustoz A.A.Abzalovni tavalludining 80 yilligi munosabati bilan muborakbod etadi.

Ustoz A.A.Abzalovga sog‘liq, omonlik, tinchlik va xotirjamlik, faoliyatingizda ulkan zafarlar, barcha reja va orzu-umidlaringizni ro‘yobga chiqishini tilaymiz. Shuningdek, Sizga dunyodagi ezgu niyatlar ijobatligini, el e’tirofiga, e’zoziga munosib bo‘lish baxti tark etmasligini tilab, yaqinlaringiz va shogirdlaringiz hamda xalqimiz baxtiga sog‘-salomat bo‘ling deymiz. Har doim elning nazarida, e’zozida bo‘lish baxti Sizlarni tark etmasin.

Institut raxbariyati va

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va

ma’rifat bo‘limi boshlig‘i

N.X.Ashurova