Xalq salomatligi – eng oliy saodatdir

10.11.2018, 15:55 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2272

Tibbiyot xodimlari kuni bayrami oldidan

Dunyoda har qaysi kasb-hunarning o‘ziga xos o‘rni, ahamiyati va qadr-qiymati bor. Ammo ularning orasida inson salomatligini asrashdek mas’uliyatli kasb egalari borki, ushbu kasb egalari mehnatlarini qadrlash va e’zozlash sharafli vazifadir. Chunki insoniyatga hayot deb atalmish yuksak baxtni in’om etish, salomatligini tiklab yana jo‘shqish hayot sari yo‘naltirish sermashaqqat vazifadir. Shu bois ham barcha davrlarda inson salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan insonlar qadrlangan va e’zozlangan.

Yurtimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismonan sog‘lom hamda ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratib kelinmoqda. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir”.

Shu bois mamlakatimizda inson salomatligini tiklash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga jiddiy ahamiyat berilib kelinayotganligi hech kimga sir emas. Zero, inson qadrlangan yurtda hamisha yuksalish va taraqqiyot bo‘lgan. Insonni buyuk sanagan xalqimiz ezgu amallar qilishni eng oliy maqsad qilib qo‘ygani rost. Xalqimizda bir ajoyib odat mavjud, ya’ni, yo‘qsillar, bemorlar, keksalar xolidan xabar olish, ularga yaqindan ko‘mak, yordam berishni o‘ziga shior qilib olgan. Axir ota-bobolarimiz, buviyu momolarimiz o‘rgatganlaridek, bemor yoki keksaning xolidan xabar olish, mushkulini oson qilish, dardiga malham bo‘lish bu eng oliyjanob inson ekanligidan darkdir deyishadi. Shu bois xalqimiz orasida tibbiyot soxa vakillari eng mas’uliyatli va sharafli kasb egalari ekanligi ayni haqiqat. Ularni tom ma’noda buyuk inson degimiz keldi. Inson salomatligini tiklashda, dardiga malham bo‘lishda ularning mehnatlari tahsinga loyiq. Dardimizga darmon bo‘lgan kezlarida ularga qanday minnatdorchchilik izhor qilishni bilmay qolamiz. Yurak-yurakdan minnador bo‘lamiz.

Ma’lumki, har yili yurtimiz miqyosida “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami keng nishonlanib kelinmoqda. Bu yil ham mana shu an’anani davom ettirgan holda 11 noyabr – “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Shu fursatdan foydalanib Toshkent farmasevtika instituti rahbariyati yurtimizdagi jamiki tibbiyot xodimlarini kasb bayramlari bilan muborakbod etadi. Barchalaringizga sog‘liq, omonlik, tinchlik va xotirjamlik, faoliyatingizda ulkan zafarlar, barcha reja va orzu-umidlaringizni ro‘yobga chiqishini tilaymiz. Shuningdek, Sizlarga dunyodagi ezgu niyatlar ijobatligini, el e’tirofiga, e’zoziga munosib bo‘lish baxti tark etmasligini tilab, yaqinlaringiz va shogirdlaringiz hamda xalqimiz baxtiga sog‘-salomat bo‘ling deymiz. Har doim elning nazarida, e’zozida bo‘lish baxti Sizlarni tark etmasin.

I.I.Alimdjanov

Toshkent farmasevtika instituti

rektori, professor