Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada yakunlandi.

30.10.2018, 22:38 Institut yangiliklari, Yangiliklar 3020

Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi birinchi xalqaro olimpiada o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz yosh matematiklari bilan birga 20 dan ortiq mamlakatning 56 oliy ta’lim muassasasi talabalari o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.

Bu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning sentyabrida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida ilgari surilganini yaxshi eslaymiz.

Darhaqiqat, buyuk mutafakkir, algebra fani asoschisi Muhammad al-Xorazmiyning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi dunyo ahlini hali-hamon hayratga solib keladi. Zamonaviy matematika, geometriya, trigonometriya, geografiya kabi fanlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan yutuqlarning tamal toshi aynan Xorazmiy bobomiz qoldirgan ilmiy meros bilan chambarchas bog‘liq.

Shu bois, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-avgustdagi qarori bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida har ikki yilda bir marta matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladigan bo‘ldi. Mazkur olimpiadaning aynan Xorazmda o‘tkazilishida ham katta ma’no mujassam. Zero, Xorazmiy bobomiz shu zaminda tug‘ilib, voyaga yetdi. Keyinchalik dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan ilmiy g‘oyalar shu tarixiy diyorda paydo bo‘lgan, maromiga yetgan.

– Bu xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning matematika fani bo‘yicha bilimini yanada mustahkamlash, ilm-fan yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat, – deydi fizika-matematika fanlari doktori, akademik Abdulla A’zamov. – Ezgu tashabbusning amalga oshganini va keyinchalik takomillashib borishini yoshlarning ilm-fan rivojiga muhim hissa qo‘shishi uchun ochilgan keng yo‘l, deyish mumkin.

Olimpiada ishtirokchilari Urganch va Xiva shaharlarini ziyorat qildi. Qadimiy Xorazmning tarixi va bir necha asrlardan buyon saqlanib kelayotgan osori-atiqalari bilan tanishdi. Urganch shahri markazidagi buyuk mutafakkir alloma nomi bilan ataluvchi bog‘da bo‘lishdi. Al- Xorazmiy siymosiga hurmat bajo keltirilib, uning poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

– Urganch davlat universiteti mahobatli va chiroyli ekan, – deydi Mongoliya universiteti professori Olzibat Munhadava. – Muassasada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar a’lo darajada. Yoshlar bilan suhbatlashganimizda ularning bilim darajasi, fikrlashi bizda katta taassurot qoldirdi. Bizning talabalarimiz turli dasturlar bo‘yicha izlanishlar olib borishadi, bu borada yoshlaringiz bilan hamkorlik foydadan xoli bo‘lmaydi.

Xalqaro olimpiadaning asosiy sinovlari Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o‘tkazildi. Intellektual bahslarni yurtimiz va dunyoning taniqli matematiklari, xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilardan iborat hakamlar hay’ati kuzatib bordi.

– Biz 5 ta matematik masalani 5 soat davomida ishladik, – deydi Xitoyning Pekin universiteti talabasi Minghui Ouyang. – Savollar algebra, matematik analiz, geometriya, kombinatorika yo‘nalishlarini o‘z ichiga oldi. Har bir masala engil, o‘rta, og‘ir daraja asosida ball sistemasida baholandi. Musobaqaning yaxshi tashkil etilgani bizga ma’qul bo‘ldi. Eng muhimi, unda ishtirok etib, do‘stlar orttirganimizdan mamnunmiz.

Xalqaro olimpiadada eng yaxshi natijani Xitoyning Pekin universiteti, Eronning Sharif texnologiya universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari qayd etdi.

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova