Farmatsevtika sohasini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

25.08.2018, 11:45 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2554

Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi 2018–2022 yillarda O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqdi, deb yozmoqda Norma.

Prezidentning «2018–2022 yillarda O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda quyidagilar tibbiy amaliyotda qo‘llanishiga ruxsat berilgan:

  • xorijda ishlab chiqarilgan 6 218 ta dori vositalarining savdo nomlari;
    • o‘zimizda ishlab chiqarilgan 2 462 ta dori vositalarining savdo nomlari;
    • 1 586 ta nomdagi, sh.j. o‘zimizda ishlab chiqarilgan 228 ta nomdagi tibbiyot buyumlari.Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardir:
  • aholi va sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarining ADVRga kiritilgan mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish;
    • korxona va tashkilotlar dori vositalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga doir xalqaro talablarga uyg‘unlashtirilgan standartlar talablariga muvofiqligini ta’minlash orqali mahalliy farmatsevtika sohasini rivojlantirish;
    • GCP va GLP xalqaro standartlariga muvofiq klinikaoldi va klinik tadqiqotlar o‘tkazuvchi davlat markazlari, shuningdek laboratoriyalarni tashkil etish;
    • ichki bozorni insofsiz raqobatdan himoya qilish hamda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning bozorga chiqish sharoitlarini tenglashtirish;
    • farmatsevtika sohasini texnologik jihatdan qayta qurollantirish;
    • import o‘rnini bosuvchi dori vositalarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilishini rag‘batlantirish;
    • xalqaro farmakopeyalar bilan uyg‘unlashtirilgan O‘zbekiston Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
    • farmatsevtika mahsulotlarini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqish va ishlab chiqarish uchun mutaxassislarni tayyorlash.

Konsepsiya loyihasida mahalliy farmatsevtikani rivojlantirish faoliyatining 5 ta asosiy yo‘nalishi ajratib ko‘rsatilgan.

Respublikada 152 ta farmatsevtika korxonasi dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaradi.

O‘zbekiston hududiy-geografik joylashuvi xususiyatiga ko‘ra quyidagilarni ishlab chiqarish uchun istiqbolli baza hisoblanadi:

  • o‘simlik xom ashyosidan substansiyalar va tayyor dori preparatlari;
    • noorganik va mineral xom ashyodan substansiyalar va dori vositalari;
    • radiofarmpreparatlar;
    • tibbiyot buyumlari.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar Asosiy dori vositalari ro‘yxatiga (ADVR) kiruvchi dori vositalari iste’moli hajmining 27%ini ta’minlamoqdalar.

In’eksiya va infuzion shakldagi talabgir preparatlarning ayrim turlari bo‘yicha 80%dan ortiq import o‘rnini bosishga erishilgan.

Konsepsiya samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida quyidagilar ham rejalashtirilmoqda:

  • ijroiya hokimiyati organlari, Bosh prokuratura, Oliy Majlis va jamoatchilik, Farmatsevtika sanoati korxonalari uyushmasi vakillaridan tashkil topgan Konsepsiya amalga oshirilishini monitoring qiluvchi Prezident huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil etish;
    • Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga Konsepsiyani amalga oshirish amaliy dastagi sifatida 2022-yilgacha Farmatsevtika sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish vazifasini topshirish, uning doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning batafsil bayoni, shu jumladan amalga oshirish muddatlari, samaradorlik indikatorlari va ularning ko‘rsatkichlari, moliyaviy-iqtisodiy asoslanma, moliyalashtirish manbalari, asosiy ijrochilar va yordamchi ijrochilar, zarur qonunchilik va normativ huquqiy hujjatlar ro‘yxati nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.

Manba: kun.uz