9-may – Xotira va qadrlash kuni

08.05.2018, 13:48 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2696

Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.

Mamlakatimizda 9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kunini, Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltirish, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish hamda bu muqaddas ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-aprelda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3667-sonli qarori imzolandi.

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

Million-millionlab odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan bu urush insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini bu dunyoda hech kim unutmaydi. Va fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba naqadar qimmatga tushganini yurtimizda yashayotgan har qaysi oila, har qaysi odam yana va yana bir bor anglashi, qalbidan o‘tkazishi tabiiydir. O‘zbekistonda o‘sha paytda 6,5 million xalq yashagan bo‘lsa, shuning 1,5 milliondan ko‘prog‘i urushda qatnashganining o‘zi, qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, barcha erkaklar, mardlarimiz qo‘liga qurol olib, yagona dushmanimizga qarshi chiqqanidan dalolat beradi.

Qariyb yarim million yurtdoshimiz shu urushda halok bo‘lgani, qancha-qanchasi nogiron, mayib-majruh bo‘lib qaytgani, qancha-qancha ayollar beva, bolalar etim bo‘lib qolganini har qaysi oila hali-beri esidan chiqarmaydi. Boshqacha qilib aytganda, yurtimizda birorta xonadon yo‘qki, mana shu mudhish urushning jabrini o‘z boshidan o‘tkazmagan bo‘lsa.

Xalqimiz ayni shunday og‘ir vaziyatda kunni – kun, tunni – tun demasdan, mashaqqatli mehnat qilib, front uchun, g‘alaba uchun munosib hissa qo‘shgani hech esimizdan chiqmaydi.

Har qaysi xalqning odamiyligi va ma’naviy qadriyatlari, mehr-oqibat va olijanobligi ana shunday unutilmas damlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bizning ota-bobolarimiz beshafqat jang maydonlarida mardlik va matonat ko‘rsatgani uchun ularning 338 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgani, ming-minglab yurtdoshlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangani – bularning barchasini xalqimizning fashizmga qarshi kurashda ko‘rsatgan jasorati va botirligining amaliy namoyishi deb bilamiz.