USTOZLARGA EHTIROM

30.04.2018, 12:05 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2498

USTOZLARGA EHTIROM

Dunyoda har qaysi kasb-hunarning o‘ziga xos o‘rni, ahamiyati va qadr-qimmati bor. Ammo ular orasida eng ulug‘ va sharaflisi, bu – o‘qituvchilik kasbidir. Chunki muallim har birimizga saboq beradi, aql-idrokimizni yuksaltiradi, hayot ilmini o‘rgatadi. Zahmatkash ustoz-murabbiylarning mehnati va tarbiyasi tufayli qalblarimiz poklanadi, dilimizda oliyjanob insoniy fazilatlar kamol topadi. Ustozni ulug‘ deb bilgan ma’rifatparvar xalqimiz muallim va murabbiy zotini hamisha ardoqlab, ularning mehnatini qadrlab keladi.

Ma’lumki, yurtimizda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarda, xususan milliy istiqlol g‘oyasi, milliy qadriyatlarimizni yoshlar ongiga etkazishda, tarbiya va ta’limni uzviy olib borishda o‘qituvchining hissasi bebahodir. Ustozlar butun kuchlarini, aql-idroklarini bilim va zehnlarini, qalb qo‘ri-yu, mehru-taftini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkash insonlardir.

Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz ustozlikning yuksak maqomini shunday ajoyib so‘zlar bilan ta’riflaydi:

Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado aning haqin yuz ganj ila.

Haqiqatdan ham kishi qalbiga ilm va ma’rifat nurlarini olib kirishda, hayotda munosib o‘rnini topishda ustozlarimizning mehnatlari tahsinga loyiq. Ularning mehnatlarini hech bir narsa bilan baholab bo‘lmaydi. Mana shunday jonkuyar ustozlarimizdan biri Toshkent farmatsevtika instituti Ekologiya va mikrobiologiya kafedrasi professori A.Abzalovdir.

A.Abzalov 1962-1965 yillarda Toshkent davlat pedagogika institutida, 1965-yildan 1994-yilgacha Toshkent davlat agrar universitetida  faoliyat yuritgan. Toshkent farmatsevtika institutidagi mehnat faoliyatini 1994-yili boshlagan.

A.Abzalov 1972-yilda “Qishda vegetatsiya qiluvchi o‘simliklarning fiziologik–biokimyoviy xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1979-yilda dotsent ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan. 1973-1994 yillarda u “G‘o‘zaning azot bilan oziqlanishi va uni turli tuproq sharoitlarida yahshilash yo‘llari” mavzusida ilmiy – tadqiqot ishlarini olib borgan.

Ilmiy izlanishlar natijasida ustoz tomonidan 2008-yili Toshkentda,  2013-yili esa Germaniyada shu mavzuda monografiyalar chop etgan. Bundan tashqari xammualliflikda shu mavzuga oid bo‘lgan 3 ta tavsiya ishlab chiqilgan va chop etgan, 2 ta mualliflik guvohnomasi berilgan. 2014-yilda Germaniyada xammualliflikda “Mikrobiologiya gnoynыx oslojneniy u bolnыx saxarnыm diabetom” nomli monografiyasi  chop etilgan.

Hozirgi vaqtda A.Abzalov dorivor o‘simliklar xom ashyosi tarkibidagi biologik faol moddalarning biosintezini oshirish va ular asosida samarali dori vositalarini yaratishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan dorivor o‘simliklarni yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Ushbu tadqiqot ishlari bo‘yicha u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan har uch yilda o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy loyihalar tanlovlarida muvaffaqiyatli qatnashib, turli mavzulardagi 4 ta grantlarning sohibi bo‘ldi.

Dorivor o‘simliklarni etishtirish texnologiyalarni ishlab chiqish va boshqa mavzularda olib borilgan tadqiqotlar asosida A.Abzalov tomonidan hammualliflikda 4 ta patent olingan, 32 ta tavsiyanoma chop etilgan. Xorijiy va mamlakatimiz jurnallarida 72 ta, turli ilmiy anjumanlarning ilmiy to‘plamlarida 300 dan ortiq ilmiy maqolalar va tezislar chop etilgan. 2 ta darslik va 2 ta o‘quv-qo‘llanmalar  nashr qilingan. Uning rahbarligida 4 ta nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli yoqlangan.

A.Abzalovga 1990-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi” hamda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi nomli faxriy unvonlari berilgan.

2012-yilda u O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan soha bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda “Eng yaxshi farmatsevt – ixtirochi” nominatsiyasi bo‘yicha 3-darajali diplom bilan taqdirlangan.

Rossiya Tabiatshunoslik fanlari Akademiyasi ixtirochilik sohasidagi faoliyati uchun uni A.Nobel nomli medal, Evropaning fan-sanoat konsorbsiumi esa Germaniyaning Myunxen shahrida “Fan va ta’lim chegarasiz” (Nauka i obrazovanie bez granits) mavzusida 2016-yilda o‘tkazilgan konferensiyadagi ma’ruzalarini “Eng yaxshi ma’ruzalardan” deb hisoblab uni “Adam Smit” va “Evropa sifati” nomli oltin medallar bilan taqdirlangan.

A.Abzalov 1990-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi” faxriy unvoni, Xalqaro tabiatshunoslik akademiyasining “Faxrli fan doktori” ilmiy unvoni, Rossiya tabiatshunoslik akademiyasining professor ilmiy darajasi hamda “Xizmat ko‘rsatgan fan va maorif xodimi” faxrli unvonlarini olishga sazovor bo‘lgan.

Ustoz uzoq yillardan buyon institut talabalariga ekologiya fanidan saboq berib kelmoqda. Shuningdek, talabalar uchun o‘quv qo‘llanma va darsliklar yaratib ta’lim tizimida o‘ziga xos o‘ringa egaliklari ayni haqiqat. Shuni ham alohida ta’kidlash hamda e’tirof etish mumkinki professor A.Abzalov Rossiya Fanlari akademiyasining faxrli akademigi sifatida tan olingan. 2017-yil 10-sentyabrda Moskva shahrida o‘tkazilgan “O‘quv qo‘llanmalar xalqaro ko‘rgazmasi”da ustozning  “Uchebnoe posobie po Ekologii” kitobi xalqaro miqyosida tan olinib, ular medal bilan mukofotlandi. 2018-yil fevral oyida Germaniyaning Frankfut Namayne shahrida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada Rossiya Fanlar akademiyasi tomonidan tavsiya etilgan ustozning “Ekologiya” darsligi nemis va boshqa olimlar tomonidan tan olinib, xalqaro miqyosidagi mukofot bilan taqdirlandi. Bu kabi yutuqlar ustozning samarali va mashaqqatli mehnatlari evaziga berilgan mukofotdir.

     

Shunda ustozimizning “Mehnat insonni toblaydi”, “Mehnatning tagi roxat” yoki “Mehnat qilgan inson el nazarida, e’zozida bo‘ladi”, – deya ta’kidlagan so‘zlari yodga keladi. Ular tomonidan qilingan ma’ruzalarni tinglab, inson yana ular suhbatida bo‘lish istagi bilan yonib yashaydi. Doimo ularning darslarini barcha talabalar intiqlik bilan kutadi. Ular so‘zida inson qalbiga xush yoquvchi ohanglarning rang barangligi, jilokorligi, mayinligi va asosiysi mazmun-mohiyatning yuksak darajada ekanligi bilan takrorlanmasdir. Ayniqsa ajdodlarimiz o‘gitlarini, ularning boy meroslarini targ‘ib etar ekan inson go‘yo o‘tmishga sayohat qilgandek bo‘ladi.

Shu bois ustozlarimiz o‘gitlari bizni faqat ezgulik sari yetaklaydi. Ular so‘zida yoshlarni ona-yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, qalblarida ezgulik nashidasi barhayot bo‘lishini, milliy qadriyatlarimizga, urf-odatlarimizga sadoqatli voris bo‘lib kamol topishga undaydi hamda ruhiy poklikka o‘rgatadi. Shu o‘rinda ustozimiz A.Abzalovga dunyodagi ezgu niyatlar ijobatligini, el e’tirofiga, e’zoziga munosib bo‘lish baxti tark etmasligini tilab, yaqinlaringiz va shogirdlaringiz baxtiga sog‘-salomat bo‘ling deymiz. Har doim elning nazarida, e’zozida bo‘lish baxti Sizni tark etmasin.

Nigora ASHUROVA

Toshkent farmatsevtika instituti

Tillar kafedrasi o‘qituvchisi